Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan “Milliy operator faoliyatining asosiy strategik yo‘nalishlari” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda jamoatchilik vakillariga pochta aloqasi sohasini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni kengaytirish va rivojlantirish borasida “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Jamiyatning korporativ kompyuter tarmog‘iga ulangan “Elektron pul o‘tkazmalari”, “Pensiya to‘lovlari hisob-kitobi va nazorati avtomatlashtirilgan tizimi”, “To‘lovlarni qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi”, “Obuna” avtomatlashtirilgan tizimi, “Ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalarini nazorat qilish tizimi”, “O‘zbektelekom” AK “O‘zbekenergo” DAK va “UZTRANSGAZ” AKning billing avtomatlashtirilgan tizimlari orqali aholiga keng xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Jumladan, Elektron pul o‘tkazmalari tizimiga bog‘lanib xizmat ko‘rsatib kelayotgan pochta aloqasi ob’ektlarining ish o‘rinlari soni 2016 yil 1-chorakda 1726 taga yetkazildi (2015 yil 1-chorakda ushbu tizimga 1722 ta pochta aloqa ob’ektlari bog‘langan). Shu bilan birga, gibrid pul o‘tkazmalari tizimi joriy etilgan va ushbu tizim orqali aholiga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
2015 yilning 15 sentyabridan boshlab Jamiyat tomonidan “To‘lovlarni qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi” negizida yaratilgan “Gaz uchun to‘lovlarni qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi” moduli (GazTQQAT) foydalanishga topshirilgan bo‘lib, ushbu tizim orqali kompyuterlashtirilgan pochta aloqasi ob’ektlarini bog‘lagan holda tabiiy gaz uchun to‘lovlarni “Onlayn” rejimida qabul qilish ishlari boshlangan. “GazTQQAT” bilan “UZTRANSGAZ” AKning billing tizimi o‘rtasida ma’lumotlarni “Onlayn” rejimida almashish yo‘lga qo‘yilgan. “Gaz to‘lovlarini qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimi”ga 1727 ta pochta aloqasi ob’ektlari bog‘langan.
Qayd etilgani kabi, “Obuna” avtomatlashtirilgan tizimiga bog‘lanib xizmat ko‘rsatib kelayotgan pochta aloqa ob’ektlarining soni 2016 yil 1-chorakda 915 taga ko‘payib, jami 1300 taga yetkazildi (2015 yil 1-chorakda 385 ta aloqa ob’ektlari bog‘langan edi). Mazkur tizimga filiallarning qolgan pochta aloqa ob’ektlarini ham bosqichma-bosqich bog‘lash ishlari davom ettirilmoqda.
Jamiyatning hududiy filiallarida OAT “Aloqabank” va boshqa banklar bilan hamkorlikda bank plastik kartochkasi orqali pul to‘lovlarini qabul qilish bo‘yicha terminallar o‘rnatilib, aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan pochta aloqasi ob’ektlarining soni 2016 yil 1-chorakda 2152 taga yetkazildi (2015 yil 1-chorakda 1656 ta bo‘lgan edi).
Jamiyatning veb-sayti (www.pochta.uz)ni zamonaviylashtirildi va “Internet magazin” dasturini yangilash ishlari olib borildi. Shuningdek, xodimlar uchun ichki sayt (www.post.uz) faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda korporativ tarmoq orqali bog‘lanib, me’yoriy hujjatlar elektron bazasi, masofadan turib o‘qitish va boshqa resurslardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasining yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali Jamiyatning 5 ta interaktiv xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Ushbu xizmatlar bo‘yicha mas’ullar tayyorlangan va ular xizmatlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rsatilishini nazorat qilib bormoqdalar. Shuningdek, saytda mijozlarga qulaylik yaratish uchun pochta blankalaridan elektron ko‘rinishda nusxa olish va to‘ldirish uchun mo‘ljallangan blankalarning elektron nusxalari tayyorlangan va ular saytning “Blankalar” qismiga joylashtirib qo‘yilgan.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahar DAI boshqarmasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida avtotransportda xarakatlanish qoidalarini buzuvchilarga tayinlangan jarimalar haqidagi xabarnomalarni yetkazish va yetkazilganligi haqidagi ma’lumotlarni DAIga taqdim etish xizmatini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 16 noyabrdagi PQ 2432-son Qaroriga binoan “Elektron hukumat” tizimiga kirish imkonini beruvchi Infokioskalarni o‘rnatish uchun 2016 yilda rejalashtirilayotgan 56 ta pochta aloqasi bo‘limlarining ro‘yxati tuzilib, ish joylarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.