2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi
Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini
rivojlantirishni muvofiqlashtirish
bo’yicha Respublika Komissiyasi

Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining 2015 yildagi rejasiga muvofiq, navbatdagi rejalashtirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi


25.02.2016

Yig‘ilishda 2015 yilda mamlakatda radiochastotalardan noqonuniy foydalanishni oldini olish, qo‘shni mamlakatlar tomonidan to‘g‘ri foydalanilishini muvofiqlashtirish, radiochastotalar ajratish, O‘zbekistonda radioelektron qurilmalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, radio va yuqori chastotali qurilmalarning shovqinsiz ishlashini ta’minlash, mamlakatda raqamli televideniyeni joriy qilish, radiochastota spektridan foydalanishga oid me’yoriy-huquqiy asoslarni mustahkamlash, shuningdek Radioaloqa Xalqaro konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 9 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-388-son Qonuniga asosan

"Radiochastota spektrlari to'g'risida"gi qonuniga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish yuzasidan ishlar yakunlangani yuzasidan ham ma'lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasida radiochastotalarni taqsimlash jadvalini shakllantirish tamoyillariga asosan Kengash tomonidan 2015 yilda mazkur hujjatning ma’lumotga boy va elektron talqini tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan televideniye sohasiga zamonaviy telekommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Dastur doirasida mamlakatimizda teleuzatishlarni raqamli formatga o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, birinchisi 2013–2015, ikkinchisi esa 2016–2017 yillarni qamrab oladi. Bugungi kunda O‘zbekiston hududining 68.6 foizi raqamli televideniye bilan qamrab olingan.

Shuningdek, 2015 yilda O‘zbekiston delegatsiyasining Xalqaro elektraloqa ittifoqining Butunjahon radioaloqa konferensiyasi va assambleyasida ishtirok etgani muhim voqea bo‘ldi. Yurtimiz vakillarining mazkur anjumandagi ishtiroki alohida qayd etilib, mamlakatimizda radiochastota spektrini himoyalanishiga xizmat qildi.

Radiochastota spektrlaridan foydalanish yuzasidan mamlkatimiz manfaatini himoya qilish, xalqaro me’riy-huquqiy ishlarni rivojlantirish va 2019 yilda o‘tadigan navbatdagi konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat dasturining amalga oshirilishini monitoring qilish, yuqori sifatli va barqaror qurilmalarning joriy qilinishini kuchaytirishga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida radiospektr chastotalarining ajratilishi, radioelektron va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning arizalariga mavjud qonunchilik asosida munosabat bildirishda mavjud kamchiliklar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Yig‘ilish qatnashchilari Respublika Kengashining 2016 yilga mo‘ljallangan faoliyat yo‘nalishlari, vazifa hamda majburiyatlarini o‘z ichiga olgan ish rejasini ham tasdiqlashdi. Shuningdek, keng polosali simsiz ulanish, raqamli televideniye va boshqa zamonaviy radiotexnologiyalar uchun radio chastotalar ajratilishini ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oluvchi 2020 yilga qadar radiochastotalar sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga oid chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.

Kengash yig‘ilishi natijalari, ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilindi.


Возврат к списку