2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi
Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini
rivojlantirishni muvofiqlashtirish
bo’yicha Respublika Komissiyasi

Davlat xizmatlari, forma va blankalar yagona reyestri faoliyatini tashkil qilish yuzasidan Hukumat qarori qabul qilindi


15.05.2015 2015 yilning 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish va davlat organlari, ulardagi muassasalarning o‘zaro idoralararo axborot almashish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 120-son qaroriga muvofiq, Davlat xizmatlari, forma va blankalar yagona reyestri, shu bilan birga davlat organlari, ulardagi muassasalarning o‘zaro idoralararo axborot almashish tartibi bo‘yicha axborot almashish tartibiga oid Nizom tasdiqlangan.

Mazkur Nizom asosida axborot almashish tizimi va Yagona reyestr faoliyatini tashkil qilish yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida ham mas’ullar hamda chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ikki oy muddatda faoliyati tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan Yagona reyestr jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qiladi, u davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga xizmat qiladi, unda davlat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar, xizmatlar uchun forma va blankalar shakllari taqdim etiladi.

Idoralararo elektron ma’lumot almashish tizimi davlat organi va uning tizimidagi idoraning o‘zaro elektron so‘rovlariga munosabat bildirish, javoblar uzatish va ma’lumotlarni qayta ishlash imkonini beruvchi elektron hamkorligini ta’minlaydi. Mazkur tizimga "Elektron hukumat" ma’lumotlar bazalari hamda axborot tizimlari komplekslari, shu bilan birga davlat organi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat uchun zarur hujjat va ma’lumotlar integratsiya qilinadi,

Idoralararo elektron axborot almashish tizimida yagona texnologik yechim va standartlardan, yagona klassifikator hamda ma’lumotlar tuzilmalari tavsifi, shuningdek elektron hujjatlarning hamma uskunalarga mo‘ljallangan yagona ochiq formatidan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Qarorga muvofiq, barcha davlat organlariga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlariga oid inventarizatsiya qilish va muddatlarini belgilash, blanka, forma va shakllarning so‘nggi nusxalarini Yagona reyestrga joylashtirish yuzasidan vazifalar yuklatilgan.

Shu bilan birga, qarorda davlat organlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun talab etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar taqdim etilgan idoraviy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish yuzasidan ham chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Mazkur qarorning amalda tatbiq etilishi aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini hamda samaradorligini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Возврат к списку