2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi
Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini
rivojlantirishni muvofiqlashtirish
bo’yicha Respublika Komissiyasi

Qonunchilik hujjatlari va loyihalarini baholash tizimini joriy qilishga oid seminar bo‘lib o‘tdi


28.01.2015 2015 yilning 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Aloqa tarixi muzeyida Yagona portal orqali qonunchilik hujjatlari loyihalarini baholash tizimini joriy qilishga oid seminar bo‘lib o‘tdi. O‘quv-seminarida 60 dan ziyod davlat organlari mutaxassislari ishtirok etdilar.

Avval xabar berganimizdek, www.my.gov.uz – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 2 dekabrdagi 328-son qaroriga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatiga oidi ishlab chiqilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish va qabul qilingan normativ hujjatlarni baholash bo’yicha yangi tizim ishga tushirilgan edi.

Mazkur tizim aholi va tadbirkorlik subyektlariga tadbirkorlikka tegishli ishlab chiqilayotgan hujjat loyihalari va qabul qilingan hujjatlarni muhokama qilish imkoniyatini beradi.

Yagona portalda foydalanuvchilar tomonidan bildirilgan izoh va takliflar tegishli davlat organlari tomonidan ko’rib chiqiladi va takliflarni inobatga olish yoki rad etish bo’yicha qaror qabul qilinadi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar amaldagi normativ hujjatlarning tadbikorlik faoliyatiga ta’sir etishini Yagona portalda joylashtirilgan maxsus so’rovnomani to’ldirish orqali baholashda ham ishtirok etishlari mumkin.

O‘quv-seminarida UZINFOCOM markazi mutaxassislari hujjatlarni muhokamaga qo‘yish va baholash, so’rovnomani to’ldirish, muhokama qilinayotgan hujjatning har bir bandiga nisbatan fikr qoldirish, jarayonining imkoniyatlari, tizimning afzalliklari xususida ma’lumot berishdi.

Seminarda asosiy e’tibor O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi “O’zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” PF-4609-son farmonida belgilab berilgan vazifalarga qaratildi. Xususan, ishtirokchilarga biznesni yuritish sharoitlarini baholash mezonlari tizimini joriy etish, davlat organlari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari va mahalliy hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytlarini yuritishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro munosabatlar masalalari bo‘yicha qo‘yiladigan talablar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.

O‘quv yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, davlat boshqaruvida, jumladan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, eng muhim masalalarni tahlil qilish va istiqboldagi loyihalarni ishlab chiqish, qonunchilik hujjatlarini baholash tizimini takomillashtirish yuzasidan tajriba va takliflari tinglandi.

Возврат к списку