2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi
Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini
rivojlantirishni muvofiqlashtirish
bo’yicha Respublika Komissiyasi

“Davlat boshqaruvida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” mavzuidagi davra suhbati tashkil etildi


10.12.2014

2014 yilning 9 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Davlat boshqaruvida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” mavzuidagi davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasi rahbarlari, mutaxassislari tomonidan davlat boshqaruvida zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy qilinishi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida masofadan turib ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni loyihasining holati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishning yuqori bosqichida Davlatimiz rahbarining 2013 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan "2013 — 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi”da ko‘zda tutilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar pirovard natijada yurtimizda “elektron hukumat” tizimining rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Xususan, bugun mazkur tizim doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning milliy bazasi, soliq to‘lovchilarning yagona portali ishga tushirilgan, vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlari tomonidan aholiga sifatli interaktiv xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Birgina Yagona portal orqali ko‘rsatilgan elektron xizmatlar soni 82,3 mingdan oshdi. Portalning ma’lumotlar markazi tomonidan 40 mingdan ziyod murojaatlar qabul qilingan. ayni vaqtda Yagona portalda 220 ta interaktiv xizmat joriy qilingan.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni loyihasining holati ham ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan “elektron hukumat” tizimida ijtimoiy munosabatlarni muvofiqlshatirishga oid xalqaro tajriba, xususan Koreya Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni, Rossiya, AQSh hamda Yevropa davlatlarining shu yo‘nalishdagi qonunchiligi, me’yoriy-huquqiy hujjatlari tahlil qilinib, muhim jihatlari o‘rganildi.

Mazkur Qonun loyihasini ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi “elektron hukumat” tizimini joriy qilish va boshqarishdan iborat.


Возврат к списку